Litsey, Matematika, Olimpiada
Men uchun bundan-da rang-barang va aniq tasvirdagi o‘tmish sahifasi mavjud emas. Aynidam men g‘urur, sog‘inch, uyat, ajablanish, majburiyat kabi hissiyotlar charxpalagida uchyapman. Ushbu blogga meni do‘stlarim sog‘inchi, o‘tgan tajriba shukronasi, o‘tmishdan aybdorlik, va hozirgi kundagi majburiyat hissi undayapti.
Avval…
2012-yillar maktabdagi 9-sinf so‘nggi matematika olimpiadasi uchun tayyorlanishga menga bir kitob tavsiya qilishdi (kitobning nomi afsuski esimda yo‘q, o‘zini esa birovga berib yuborgan edim). U kitobni menga tumanimizdagi boshqa maktabda dars beradigan boshqa o‘qituvchi bergan edi. Kitobni ulardan olimpiadani yutib saralanib bo’lganim uchun oson olgan edim. Shu inson maktabni bitirishimga yaqin otamga Sirojiddinov litseyiga borishim kerakligini uqtirgan ekan.
Birinchi farzand bo‘lganim va qo‘limdan o‘qishdan boshqa hech narsa kelmagani uchun (to‘g‘rida, bozorga chiqib eng qimmat bug‘doyni olib kelardim, sartarosh esa bo‘yim pastligidan shogird qilib olmagan edi) ota-onam biror o‘qishga kirishimni qattiq istashardi. Qaysi ta’lim muassasiga hujjat topshirgani bormaylik, yagona argumentimiz mening matematikani yaxshi bilishim edi. Temir yo‘llar litseyi “qimmatlik” qilgani uchun boshqa litseylarni kuzatishga o‘tdik. Sirojiddinovga onam har kuni qatnagani, tog‘am ham borib “kelishmoqchi” bo‘lgani esimda. U vaqtda litsey o‘z jadvalida har bir viloyat uchun alohida kun ajratar edi va kuni kelganda ham qabulni ochishmas edi. Qisqasi, otam qatnayverib jag‘li chiqqanda ularni “arz qilaman” deb qo‘rqitib hujjatimni topshirib yuborgan edik. Shu kuni vypusknoyda, kech kelganim uchun sinfdagi eng baland qiz bilan mazza qilib raqs tushganim esimda.
Boshida…
Birinchi kun sinfga kirsam, qabulga kelganimda ko‘rgan bir bola ham shu guruhda ekan. Umuman, a bunch of confused fellas to‘la xonadan shu bola bilan do‘st bo‘lib qoldik. Agar u bo‘lmaganda dasturchilikni o‘rganmasligim mumkin edi. Shu do‘stim, birinchi muhabbatim bo‘lgan gumanitar qiz bilan TATUga jamoaviy musobaqaga borganimiz esimda (o‘shanda ikkovini ko‘rishtirganimga afsuslangan edim).
Bir hafta ichida bizni saralangan o‘quvchilar guruhiga o‘tkazishdi va u yerda bir umrlik do‘stlar orttirdik. Guruhimizda 7 ga yaqin matematik olimpiadachilar bor edi. Shu kunlarni juda qadrlayman, bir fizik do‘stim bilan xat almashardik. Format oddiy: u bergan avvalgi masala yechimi va men taklif qilgan yangi masala. Odatda men sof matematik masalalar bersam, u fizikada duch keladigan matematik amaliyot masalalarini berar edi. Shu do‘stlarim biri Olmoniyada dasturchi, ikkinchisi Chinda Fudan universitetida fizik doktor bo‘lib faoliyat yuritishyapti.
Keyingi hafta, xuddi kinolardagidek, devoriy e’lon qilib 5 ta matematik masalani bir katta akamiz taklif qilib chiqqan ekan. U vaqtlari poyezdda uyga qatnar edim. Kuniga 2 soatdan ko‘p vaqtim poyezdda o‘tgani uchun, masalalarni poyezdda yechib yozganim esimda. Shu vaziyatga e’tibor bersam, qo‘limdagi bor materiallar maktabda o‘rganilgan va chop etilgan maqolalar bo‘lgan ekan. Nokia 1280 telefonim internetda ishlaydiganiga ikki yildan so‘ng almashgan edi. O‘shanda qo‘limdagi ayfonim bo‘lganida balki kamroq qiynalarmidim. Beshdan to‘rt masalani qiynalib yechib eng yuqori ball olganim esimda. Afsuski, kichik yutuqlarni nishonlash oilaviy ko‘nikma emasdi, bo‘lmasam yechimlarimni olib qolgan bo‘lardim.
Qiyinchiliklar ko‘p edi, vaqtim ko‘p yo‘lda ketishi, poyezdda sovqotib kasal bo‘lish, boshqa darslar ko‘pligi va uy ishlari borligi esimga keladi. O‘sha kunlari litseyda ko’proq qololmas edim: kunlik budjetim 5200 (elektrichka: 1800, avtobus 800) so‘m bo‘lgan ekan, obedga uyga kelardim. Keyinchalik shaharda tog‘amnikida turadigan bo‘ldim. Shahardagi qarindoshnikida turishning o‘zi alohida mavzu.
Yuqoridagi devoriy olimpiadani taklif qilgan aka, ustozim, va umuman olimpiada guruhi hayotimdagi eng muhim insonlardan bo‘lib qolishdi. Faqatgina u yerda hech kim universitetga kirishni o‘ylamas edi: hamma matematikani sevardi, izlanardi. Umrimning keyingi uch yilining katta qismi shu guruh tarkibida, olimpiadachilar xonasida o‘tdi. Xonadagi eng kichik a’zodan, xonaga mas’ul eng katta “Xurshid akaga” aylandim. O’sha xonaga keyinchalik do’stlarim bizni ko’rgani kelishar edi. Ular kelishganda bizlar odatda One Republic eshitib misol yechayotgan bo’lardik.
Bizdan kattalar biz bilan kitoblar bo’lishishdi, darslar o‘tishni boshlashdi. Rejalarimizni katta qilishni o‘rgatishdi: xalqaro olimpiadalar endi xayol emas, reja edi. Ayniqsa ustozim, tanishuvdan 4 oy o’tmay bir xalqaro olimpiadada oltin medal olgan, o‘sha olimpiadaning eng qiyin misolini yechib Armanistonlik matematik N. Sedrakyan ko‘ziga tushgan edi. Shu voqealarni boshidan o‘tkazgan odamlar bilan yaqin bo‘lish orzularimizni bizga yanada yaqinroq qilgan edi. Bizga berilgan kitoblarni (hammasi esimda yo‘q:\ ):
- Butun Rossiya Olimpiadalari to‘plami
- Hojoo Lee: Elementar Sonlar Nazariyasi Masalalari
- Prosolov: Planar Geometriya Masalalari
- Sharygin: Planar Geometriya Masalalari va hkz (bu kitoblar eskirgan bo‘lishi ehtimoli katta)
o‘qishni va ko‘proq masalalar yechishni boshladik.
Birinchi yil yagona, Lomonosov qoshidagi Moskva Davlat Universiteti olimpiadasi bo‘lgan bo‘lsa, uni barcha litsey jamoasi yutqazib kelgan edik. O‘shanda ingliz kursiga borayotgan edim, borishni to‘xtatganman (to‘xtatmaganimda keyinchalik TATUda o‘qimas edim). Testlar yechmas edim. Tekin bo‘lgan bo‘lsa ham Fizika o‘rganmas edim, bir o‘qituvchi chaqirar edi o‘z kursiga. (Keyinchalik bilsam: meni bunkerga yonlamoqchi bo‘lishgan ekan. O‘sha vaqt, adashmasam, yechimlar narxlari bir necha yuz u.e. larda kelishilar edi: kamida shunaqa mish-mishlar yurar edi) Ko’zimga bu tanlovlar olimpiada uchun men qilgan qurbonliklardek ko’rinadi. Mag’lub olimpiadachi o’zini tiklay olmaydi deb o’ylardim.
Shu yilda litseydagi eng ajoyib do‘stlar guruhi bilan tanishdim: litseyimiz zakovat jamoasi. Guruhga saylangan yagona matematik bo‘lib, qolgan iqtisodchi, tarixchi va tilshunos do‘stlarim bilan, kundalik tashvishlardan qochish uchun, zakovat o‘ynardik. Klubdagi yosh superstarlar edik. Birinchi muhabbatim ham guruhda edi. Fikrimcha, har qanday olimpiadachiga ham, mental va ijtimoiy balans uchun ham o‘yin-kulgi kerak. Ustozim ham kuniga 10 soat dars qilishimizni talab qolishiga qaramasdan, “kinoga borib turinglar, ana Vitas kelyapti Toshkentga” degani esimda. Mening o‘yin-kulgim shu zakovatdagi do‘stlarim edi, chunki boshqa hamma doiralar o‘ziga xos raqobatlar haqida edi.
Keyinchalik…
Keyingi yil ustozim o‘qishni bitirib ketdi. O‘zbekiston esa xalqaro olimpiadalarga eski g‘irromlik voqealari tufayli qatnashmayotgan edi. Ularning litseydagi ochilmagan potensiali bir yo‘qotish: hammamizning yo‘qotishimiz. Ustozim keyingi ikki yil davomida bizga trenerlik qildilar, ichki olimpiadalar oldilar, vaqtimizni rejalashtirdilar, leksiyalar berdilar. Bir vaqtning o‘zida bizni katta matematika dunyosiga ulaydigan inson bo‘lgan. Talaba sifatida olgan tajribalari, eshitgan hikoyalarini tinglash hammamizga qiziq edi. O‘tadigan darslari faqat matematika emas, balki yechimlar yozish, yechimlarni himoya qilish, LaTeX va ruhiy tayyorgarliklar haqida bo‘lar edi.
O‘sha yili hammasi oson va men uchun omadli bo‘lgan. Ruscha adabiyotlardan keyin inglizcha adabiyotlar hamda Art Of Problem Solving(AOPS) forumidan foydalanish, meni, yangi bilimlarni egallashdan tashqari, olimpiadachi sifatida yechimlarni taklif qilish stilimni rivojlantirishimga olib keldi. Kamroq xatolar qiladigan, iloji boricha qisqa va lo‘nda yechimlar beradigan olimpiadachiga aylangan edim. Shu yili, bir necha yillik tanaffusdan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi saralanadigan bo‘ldi. Yakuniy olti kishilik tarkib qilinmasdan avval yig‘ilgan to‘rt kishilik jamoaga ilinganimni otamga telefon qilib aytganim, kechasi sovuq kvartiramga borib bayram qilganim esimda. To‘g‘risi, ustozim ham ishonmagandi-da.
O‘zbekistonda u vaqtlarda chet eldagi olimpiadalarga borish quyi klass oilalari uchun juda qiyin edi. Olimpiadani qo‘llaydigan hech qanday non-profit tashkilotlar yo‘q, davlat byudjetidan yil boshida reja qilinmagan xarajatlarni qoplash esa juda qiyin edi. Insonlarning imzolarini kutib yashar edik. Otamdan qarz olishni so‘raganim esimda. U vaqtda qizil pasport yo’q edi: OVIR olishimga to’g’ri kelgan. Hujjatlarni to’g’rilash uchun bir Chinozga, bir Qibrayga va bir Toshkentga yugurar edim. Vazirlikning xatlari orqali ko’p ishim bitgan edi. Uning ustiga, terma jamoa tanaffusidan so‘ng ilk qatnashuv bo‘lgani uchun, safar xarajatlari osongina qoplanadigan bo’ldi. Yaxshiyam xalqaro matematika olimpiadasi hamkorlari ishtirokchilarning turar-joy va iste’mol xarajatlarini ko‘tarishar edi.
Bu olimpiada esimda medal bilan esda qolmadi, lekin ayni vaqtda ojiz emasligimni o‘zimga isbotlay olgan edim. Bir dona to‘liq masala uchun yechim berganim esimda. Bu aynan yozish stilimni kashf qilishim, inglizcha yechimlar yozishim va hamda o‘rgangan bilimlarim evaziga bo‘lgan edi. O‘rta Osiyoliklarda (va balki boshqalarda) bir o‘ziga xos usul bor edi: yechimlarni g‘irt o‘zbekchada (yoki o‘z tillarida) yozish. Bu mayda ballar uchun kurashiladigan himoya jarayonida yozilgan so‘zlarni hakamlarga ixtiyoriy talqin qilishga yordam berar edi. Tarixda bu ishlaganmi yo‘qmi bilmayman, lekin inglizcha yozishni o‘rganganim to‘g‘ri ish bo‘lganini keyingi yil tushunib yetganman.
2015-yil, yoz va keyingi mag‘lubiyat. Oldimda internetli smartfon, kitoblar va bir yil. Shu mag‘lubiyatni deb zakovatdan ketgandim va anavi qizni sevmay qo‘ygandim. Kim qo‘yibdi mag‘lublarga sevishni. Bir tarafdan, vaqtni boy bermay tayyorgarlikni to‘xtatmagandik. Bizdan kattalar litseydan ketdi, tengdosh olimpiadachilar esa taslim bo‘lishgan edi. Shu yozda fikrimcha mas’uliyatliroq bo‘ldim. Butun bir delegatsiyadan sal bo‘lsa ham inglizcha javraydigan (kattalar ham bilishmasdi!) yagona inson sifatida aeroportdagi yo‘laklarni topish, Tailandda adashib qolmaslik mening vazifam edi. Olimpiadachilar guruhida ham eng kattaga aylanib qolgan edim.
Son’ggi yil…
Kuz boshida litseyga ikkita yangi tengdosh o‘quvchilar kelib qo‘shildi va ular olimpiadachilar guruhini tiriltirib yuborishdi. Sirojiddinovda o‘qigan olimpiadachilar kuchli bo‘lishiga qaramasdan juda raqobatlashuvchi ham edik. Hammamiz tiriklik uchun harakat qilardik, o‘rganganimiz matematika va chet tillari edi. Tabiiyki, bunday insonlarda past darajasiga ijtimoiy malakalar bo‘lib, katta guruhlarni faqat bunday insonlar bilan tuzib bo‘lmasdi. Yangi kelgan ikki o‘quvchi esa ham iqtidorli, ham madaniyatli edilar. Litseyda va undan keyingi yillarda bu insonlardan faqatgina tirik qolish uchun yashamay, adolatliroq va hamdard bo‘lishni, bir-birimizni qadrlashni o‘rgandim.
Ustozimiz o‘z talabalik tashvishlari bilan bo‘lib, litseyga kamroq kelishni boshladi. Guruh uchun avtonomiya kerak edi. Olimpiadachilar shunda AOPSdagi deyarli barcha davlatlar so‘nggi ichki olimpiada misollarini olimpiadalar uyushtirib yechishni o‘rganib oldik. Tan olish kerak, eng qiyin misollar Xitoy davlat olimpiadalari bo‘lar edi. Shu bilan birga o‘rgangan bilimlarimizni o‘zaro bo‘lishib, qisqa tushuntirish leksiyalari qilardik, yechimlarimizni bo‘lishardik.
U yilda yaxshi qatnashdim: ikkita xalqaro olimpiada medali va boshqa katta yutuqlarni qo‘lga kiritdim. Qishda Qozog‘istonda bo‘ladigan olimpiada o‘sha vaqtdagi litsey olimpiadachilari bilan qilgan ilk sayohatimiz edi. Ushbu olimpiadada bir qiyin geometriya misolini yechib (xuddi ustozimdaqa) N. Sedrakyan bilan tanishib olgan edim va ustozimni yod olgan edi: endi shu cool insonlar tilida gapirar edim, men endi ularga tegishli edim.
Shu yerda bir narsani qayd etishim kerak. 2016-yilda terma jamoaga qayta saralanganimdan so‘ng, olimpiadagacha bo‘lgan so‘nggi uch oyda ikkita balo menga yopishdi. Ikkovi ham otam o‘qituvchi bo‘lgani uchun edi. Birinchisi O‘zbekistonda pasport ma’lumotlarining raqamlashtiruvi jarayoni edi. Vazifaga o‘qituvchilar to‘lovsiz safarbar qilingan edi, kechasi bilan navbatchilik qilib Chinoz tumani fuqarolari ma’lumotlarini bazaga kiritib chiqishardi. Kunduzi ishlaydigan otam o‘rniga kechasi borib qatnashar edim. Ikkinchi balo esa yana o‘qituvchilarni chopiqqa jalb qilingani edi: yana otam o‘rniga borishim kerak bo‘ldi. Issiq kunda, ochiq dalada chopiq qilib yurib boshqa do‘stlarim tayyorgarlik ko‘rib yurgani hayolimdan o‘tardi. Uyga borib, charchagan bo‘lsam ham 2-3 soat dars qilib qo‘yar edi. Ikkala jarayon ham qanchalik zerikarli va men uchun tushkun ekanligini tasavvur qilolmaysiz. Har o‘tgan daqiqa qadrli tuyulgani uchun, yo‘qotgan vaqtimga qattiq achinar edim.
O‘zbekiston terma jamoasiga men bilan birga litseyga kelgan do‘stlarim saralanib tanlandi (ma’lumot uchun, 2015-yilgidagidek jami 6 ta joyning 3 tasi bizning litseyga tekkan edi). Afsuslanishli joyi: kamida yana bir o‘quvchimiz boshqa jamoa a’zolaridan kuchsiz emas edi: omad kulmadi, xolos. Xalqaro olimpiada – bu o‘z do‘stlarimizni yaqinroq bilib olishga, yangi do‘stlar orttirishga imkoniyat bo‘lgan.
Bu tadbirning afsuski, o‘ziga yarasha yozilmagan sinovlari bor edi: insonning irodasi, adolati, toqati sinaladi. Olimpiada hammamizni hayajonlantirgan edi. Birinchi kundan avvalgi kechada ko‘p vaqtimni bir do‘stim bilan qirg‘oqda suhbatlashish bilan o‘tkazgan edim. Tushlikdan keyin yarim kechasigacha Xitoy dengizi qirg‘oqlarida Gong Kong kechinmalari, olimpiada shukuhi va joylar salobatidan mast bo‘lib, bular haqida suhbatlashib vaqt o‘tkazgan edik.
Ikki kun olimpiada, 6 ta masala, hayajon va tanishuvlardan so‘ng, hammadan bir fikr o‘tadi: olimpiada men uchun tugadi, bugun qog‘ozga qo‘ygan nuqtam eng oxirgisi. O‘sha to‘rt yarim soatlik bongdan so‘ng rasman qaridik. Katta xonada 600 dan ko‘p wizardlar bilan olimpiadani tugatdik. O‘tgan yilgi kabi dil xiraliklar, janjal, talashuv va tortishuvlardan keyin, yechimlar himoyasidan so‘ng natijalar e’lon qilingan edi.
Otam telefonda “ko‘rdim, tabriklayman bronza bilan, umuman 175-o‘rinni olibsan”(xD) deganlari esimda. Ushbu tadbirning ahamiyati kattaligini tushunardilar, men esa niyatimga yetgan edim.
U yili bir his meni tark etmadi, xursandchiligim yarim bo‘lib qolaverdi. Litseydagi ilk do‘stlarim, va matematik do‘stlarim borgan olimpiadalarimizda yutishmadi, doim delegatsiyada yolg‘iz natija bo‘lib qolaverdim. Raqobatchi shaxsiyatim xursand, o‘rganib olgan empatik shaxsim esa xafa, ojiz va jim qolaverdi. Fikrimcha, bu mening hissiy ojiz bo‘lganimning belgisi bo‘lib qolaverdi.
Boshqa tarafdan, olimpiada natijalari uzoq muddatda muhim emas, barcha do‘stlarim yuqori va muhim natijalarga hayotlari davomida erishib kelishyapti.
Keyin…
Matematika va dasturlash bilan shug‘ullanishni hech qachon to‘xtatmadim. Sababini bilmadim: bu balki meni ahamiyatli, o‘zgacha inson sifatida qoldiradigan yagona ish bo‘lgani uchunmi (kamida tarixda shunday edi); yaxshi ko‘rganim uchunmi. Litsey vaqtida yechmagan misollarimni, yillab o‘ylab yurib talabalik vaqtida tushimda yechganim esimda. Keyinchalik ham olimpiadalarda qatnashdim va bu narsa keyingi tanlovlarimga va oldimda chiqqan imkoniyatlarga qattiq (ijobiy) ta’sir qildi.
O‘z vaqtida o‘rganilmagan malakalarim uchun to‘lov to‘lashimga to‘g‘ri keldi. Ijtimoiy hayotda o‘zimni topishim qiyin bo‘ldi, inglizchani ham yetarlicha faqatgina 2019-yilga kelib bilar edim. Litsey vaqtidagi raqobatchi shaxsim keyingi to‘rt yilda ham kerak bo‘ldi va o‘z paytida shunchaki tiriklik uchun (kurashishim) yashashimga to‘g‘ri keldi.
Dr. James Komerning bir gapi esga tushadi: “Hech qanday ahamiyatli o‘rganish, biror ahamiyatli munosabatsiz yuzaga kelmaydi”. To‘g‘rida, natijalarimning asosiy ustuni men qayta-qayta uchratgan va yaqin bo‘lgan insonlar hisoblanadi. Birorta qisqa uchrashuv hayotimdagi muhim narsalarni hal qilmadi. Hayotimda to‘g‘ri insonlarni topganim omadim bo‘lsa kerak. Litsey vaqtida uchratgan har bir insonni qattiq sog‘inaman, hayotlari taxminam qandayligini bilsam ham, har kunlik kichik va katta tashvishlarni qanday hal qilishayotganini bilgim keladi. Oxir-oqibat ular mening do‘stlarim, o‘zimga o‘xshash odamlar, men ularga tegishli edim.
So‘nggi yillarda eshitgan eng og‘riqli xabarlar bu – men tarkibiga kirgan terma jamoalarning (2015, 2016) bir donadan a’zolari vafoti bo‘ldi. Ikkisi ham dasturchilik qilishayotgan edi. Taqdiri o‘xshash tengdosh odamlarning bu olamdan yo‘q bo‘lib qolishi qattiq og‘riq beradi. RIP Jamshid, RIP Sanjar.
Ichimda sog‘inch, og‘riq, iliqlik, g‘urur birdaniga uyg‘ondi, boshqa yoza olmayman. Yangi yil oldi yaxshi xotirlar esga keldi, yangi yilga va o‘tmishimni menga eslatganlarga rahmat.